O‘zbekiston–Serbiya: o‘zaro ishonch mustahkamlanib, strategik sheriklik o‘rnatilmoqda

Sentabr 08, 2026. 08:10 • 5 daq

118
O‘zbekiston–Serbiya: o‘zaro ishonch mustahkamlanib, strategik sheriklik o‘rnatilmoqda

TOSHKENT, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7–8-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va gumanitar sohalarni qamrab olgan ko‘p qirrali sheriklikka aylanib bormoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning muhim xususiyati shundaki, tomonlarning o‘zaro hurmatga asoslangan yondashuvi hamda xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilishga intilishi ikki tomonlama muloqot uchun mustahkam siyosiy zamin yaratmoqda.

Serbiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 31-dekabr kuni tan olgan. Diplomatik munosabatlar esa 1995-yil 18-yanvar kuni o‘rnatilgan. Shu tariqa, ikki mamlakat o‘rtasidagi rasmiy aloqalarga 30 yildan oshdi. Dastlabki bosqichda hamkorlik nisbatan cheklangan bo‘lgan bo‘lsa-da, keyingi davrda, ayniqsa, 2025–2026-yillarda ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda.

O‘zbekiston–Serbiya hamkorligining eng muhim yo‘nalishlaridan biri yuqori darajadagi siyosiy muloqotning faollashuvidir. Bunda tomonlarning suverenitet, hududiy yaxlitlik va milliy manfaatlarga hurmat tamoyillariga asoslangan o‘zaro yondashuvlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot yangi sur’at kasb etmoqda. 2025-yil 3-sentyabr kuni Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim doirasida O‘zbekiston va Serbiya Prezidentlari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvdan so‘ng ikki davlat rahbarlarining o‘zaro aloqalari yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi.

2025-yil 28–30-oktyabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni institutsional jihatdan mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Tashrif doirasida Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv imzolangani ikki tomonlama munosabatlarning hududlararo darajada ham rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Serbiya O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalarni kengaytirishga intilmoqda. Jumladan, 2025-yil 27-oktyabr kuni Serbiyaning O‘zbekistondagi (qarorgohi Moskva shahrida joylashgan) elchisi Milosh Babich O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlarini topshirdi. Shuningdek, mamlakat hukumati O‘zbekistonda o‘z elchixonasini ochish haqida qaror qabul qildi.

2022-yil BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari siyosiy konsultatsiyalar va idoralararo hamkorlik to‘g‘risida protokol imzoladi. Mazkur hujjat madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlashga xizmat qildi.

2026-yil aprel oyida Antaliya diplomatik forumi doirasida bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi muzokaralari va 5–7-may kunlari Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurichning O‘zbekistonga tashrifi siyosiy muloqotning muntazam tus olganini ko‘rsatdi.

2026-yil avgust oyida Toshkentda O‘zbekiston va Serbiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichi o‘tkazildi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston–Serbiya munosabatlarida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmining mavjudligi va uning muntazam ishlayotgani ikki davlat o‘rtasidagi tashqi siyosiy hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish imkonini beradi.

O‘zaro munosabatlarda parlamentlararo diplomatiyaning ahamiyati ortib bormoqda. O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarida Serbiya Xalq Skupshinasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgani ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamdir.

2026-yil iyun oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Belgrad shahriga safari qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirdi. 2026-yil iyun oyida Serbiya Xalq Skupshinasidagi “Serbiya–O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi delegatsiyasining yurtimizga tashrifi parlamentlararo muloqotning amaliy mazmun kasb etayotganini ko‘rsatdi.

Parlamentlararo hamkorlikning faollashuvi siyosiy ishonchni mustahkamlash, qonunchilik sohasida tajriba almashish va erishilgan kelishuvlarning huquqiy bazasini kengaytirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hozirda kamtarona ko‘rsatkichlarga ega bo‘lsa-da, bu sohada katta istiqbollar mavjud ekanini alohida ta’kidlash lozim. Chunki aynan O‘zbekiston Serbiya orqali Bolqon mintaqasidagi boshqa davlatlar, xususan, Xorvatiya, Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya hamda Sloveniya bilan ham savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirib borish imkoniga ega.

O‘zbekiston eksporti asosan rangli metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, mato, ip-kalava hamda xizmatlardan iborat bo‘lsa, Serbiyadan import tarkibida tosh, keramika va gipsdan tayyorlangan mahsulotlar, mebel, xizmatlar va boshqa tovarlar ustunlik qiladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda serb investorlari ishtirokida 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 4 tasi qo‘shma korxona, 5 tasi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlarga nisbatan juda past bo‘lib, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxira mavjudligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. 2026-yil fevral oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining Serbiyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning moliya, qurilish, transport va infratuzilma vazirliklari, “Serbian Railways Infrastructure” hamda “Air Serbia” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Munosabatlarning yana bir istiqbolli yo‘nalishi madaniy-gumanitar hamkorlikdir. Mazkur sohadagi aloqalar ikki xalq o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ijtimoiy-gumanitar muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar tobora yangi mazmun kasb etmoqda. 2025-yil 28-oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolandi.

Bu borada O‘zbekiston madaniyatini Serbiyada keng targ‘ib qilish, serb madaniyati va san’atini mamlakatimizda namoyish etish muhim ahamiyatga ega. Madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, konsertlar, kino namoyishlari, teatr gastrollari, ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari ikki xalqning bir-birini yaqindan anglashi uchun samarali maydon bo‘la oladi.

Kinematografiya sohasidagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Ikki davlat ijodkorlari hamkorlikda “Al-Xorazmiydan Teslagacha” qo‘shma kino loyihasini amalga oshirayotganini alohida ta’kidlash lozim. Al-Xorazmiy va Nikola Tesla kabi buyuk alloma va ixtirochilar hayoti va ilmiy merosini birlashtirgan ushbu loyiha ikki xalqning ilm-fan va sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng namoyon etish imkonini beradi.

O‘zbekiston–Serbiya munosabatlarining bugungi holatiga baho berganda, eng avvalo, so‘nggi yillarda ikki tomonlama siyosiy muloqotning sezilarli darajada faollashganini qayd etish lozim. Davlat rahbarlari darajasidagi muloqot, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muzokaralar, parlamentlararo aloqalar va diplomatik vakolatxonalar faoliyatining kuchayishi o‘zaro siyosiy ishonch mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, siyosiy ishonch va umumiy manfaatlarga asoslangan holda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endigi vazifa mavjud siyosiy kapitalni iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi amaliy natijalarga transformatsiya qilishdan iborat.

O‘zbekiston–Serbiya munosabatlari nafaqat ikki tomonlama aloqalarni, balki Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy va diplomatik hamkorlikni kengaytirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish