“Al Jazeera”: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotida yuksak o‘rin egallaydi

Sentabr 08, 2026. 10:00 • 2 daq

4
“Al Jazeera”: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotida yuksak o‘rin egallaydi

DOHA, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qatarning “Al Jazeera” nashrida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforum haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, xalqaro mediaforumda ishtirok etgan Muhammad Aʼmoriyning taʼkidlashicha, yaqinda Toshkent shahrida bunyod etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mediaforum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan.

Markazda O‘zbekiston hududida islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, tarixiy yodgorliklar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda buyuk allomalar merosi o‘rin olgan. Muzeyda qariyb 8 mingta tarixiy ashyo va eksponat saqlanishi, ular orqali Movarounnahr xalqlarining qadimgi davrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyish etilgan.

Maqolada yozilishicha, muzey ekspozitsiyalari asosan to‘rt muhim tarixiy davrni qamrab olishiga eʼtibor qaratilgan. Bular – islomdan oldingi davr, Movarounnahrdagi birinchi uyg‘onish davri, Temuriylar davri va Islom sivilizatsiyasiga oid qimmatli Qurʼon qo‘lyozmalari namoyish etilgan zaldir.

Ushbu majmuada Usmon Musʼhafiga alohida o‘rin berilgan. Shu bilan birga, muzeyda qadimgi shaharlar, Buyuk Ipak yo‘li, haj anʼanalari, Kaʼba va uning muqaddas yodgorliklari bilan bog‘liq eksponatlar ham taqdim qilingan.

Materialda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk allomalar – Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Kamoliddin Behzod, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslarning ilm-fan, din, madaniyat, sanʼat va davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish