Ispaniyada ikki tezyurar poyezd to‘qnashuvi oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘ldi

Oktabr 29, 2026. 15:00 • 2 daq

•
Ispaniyada ikki tezyurar poyezd to‘qnashuvi oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘ldi

MADRID, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Ispaniyada Madrid janubdagi temir yo‘l liniyasida ikkita tezyurar poyezd to‘qnashib ketishi natijasida kamida 68 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Ispaniyaning “EFE” axborot agentligiga tayanib.

Agentlikning ma’lum qilishicha, “Renfe” milliy operatori va “Iryo” xususiy kompaniyasi poyezdlari to‘qnashib, bir nechta vagon relsdan chiqib ketishi oqibatida ag‘darilgan va ko‘tarmadan qulab tushgan.

Hodisa sodir bo‘lgan kuni 77 nafar jabrlanuvchi shifoxonalarga yetkazilgan, ulardan 15 nafarining ahvoli og‘ir edi. Qutqaruvchilar shikastlangan vagonlarni ochib ko‘rishda davom etayotgani sababli rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini istisno qilmagan.

Ispaniya transport vaziri Oskar Puentening ma’lum qilishicha, halokatdan oldin kompyuterdagi nosozlik tufayli oltita poyezd, jumladan, to‘qnashgan ikkala tarkib ham to‘xtab qolgan. Shundan so‘ng dispetcherlik markazi tezlikni cheklamasdan harakatni qayta tiklashga ruxsat bergan, biroq bunday qarorning sabablari hozircha aniqlanmagan.

Poyezdning tezligi soatiga 200 km.ga yetgan bo‘lishi mumkin. Tergov mashinist qanday ko‘rsatmalar olgani va nima uchun poyezd to‘siq oldida to‘xtamagani aniqlamoqda.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun o‘t o‘chirish guruhlari, vertolyotlar va mobil reanimatsiya brigadalari jalb etildi. Hududdagi shifoxonalar jabrlanganlarni qabul qilish uchun rejali jarrohlik amaliyotlarining bir qismini bekor qildi, tibbiyot muassasalari esa aholini qon topshirishga chaqirdi.

Bosh vazir Pedro Sanches mamlakatda uch kunlik milliy motam e’lon qildi. Hukumat rahbarining o‘zi halokat joyiga borib, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. U hukumatning asosiy vazifasi jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va fojia sabablarini aniqlash ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toledo provinsiyasida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Ispaniya Qiroli Filipp VIga ta’ziya yo‘lladi. Davlatimiz rahbari Ispaniya xalqi va marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

“Reuters” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish