Qoraqalpog‘istonda zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish kengaymoqda
Sentabr 18, 2026. 21:18 • 2 daq
• 55
TOSHKENT, 18-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollar. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan.
Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.
Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi. Mahsulotlarni Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini pasaytirish va taʼminot barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyatsiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq g‘ishtga nisbatan 3-4 barobar yengil bo‘lib, qurilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar bilan tanishib, korxonaning istiqboldagi rejalari haqidagi axborotni tingladi. Ishchilar bilan samimiy muloqot qildi.
Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi taʼkidlandi. Korxona rahbariyati va soha masʼullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi