O‘zbekiston Prezidenti Nukus tumanida mahalla infratuzilmasini yaxshilash va aholi daromadini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi
Sentabr 18, 2026. 17:45 • 2 daq
• 78
TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bugun Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, hududda mingdan ortiq oila, jami 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandligini taʼminlash va daromadini oshirishga qaratilgan.
Joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik maʼlumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini berib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Investitsiya dasturi doirasida 4,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 60 o‘rinli zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi. Mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m yo‘naltirilib, futbol va vorkaut maydonchalari barpo etildi.
Aholi daromadini oshirishda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilik asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Hozirda mahallada 20 dan ortiq xonadonda asalari boqilmoqda. Bir xonadonda 50-100 ta asalari qutisidan yiliga 1 tonnagacha asal olinib, daromad topilmoqda.
Davlatimiz rahbari mahallada yashovchi Baxtiyar Jubayev xonadonida bo‘lib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.
Bu yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal mahsuloti sotilib, yiliga 200 million so‘m atrofida foyda olinmoqda. Ustaxonada esa yiliga 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, qo‘shimcha 80 million so‘mgacha daromad ko‘rilmoqda.
Yil yakuniga qadar Asalarichilar uyushmasi tomonidan yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yana ko‘plab oilalarni barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz shu yerda hudud faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Orolbo‘yini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani taʼkidlandi. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar ko‘lami kengaytirilib, ularni amalga oshirish surʼati yanada jadallashishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi