Xitoyda “Dolfin” tayfuni tufayli bir milliondan ortiq kishi evakuatsiya qilindi

Avgust 10, 2026. 17:30 • 2 daq

95
Xitoyda “Dolfin” tayfuni tufayli bir milliondan ortiq kishi evakuatsiya qilindi

PEKIN, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoy hukumati kuchli “Dolfin” tayfuni sababli mamlakatning sharqiy hududlaridan bir milliondan ortiq odamni evakuatsiya qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligiga tayanib.

Jumladan, Shanxaydagi tabiiy ofat natijasida kuchli jala bo‘lgan va transport qatnovini jiddiy izdan chiqargan. Avvalroq, “Dolfin” yuqori darajadagi xavfi ob-havo sifatida eʼlon qilinib, u bu yil Xitoyga yopirilgan eng kuchli dovulga aylangan edi. Chjeszyan provinsiyasida quruqlikka yetib kelganida shamol tezligi soatiga 150 kilometrni tashkil etdi. Keyinroq tayfun ikkinchi marta Venchjou shahrida quruqlikka chiqdi.

Rasmiylar dovul toifasini tropik darajaga tushirgan bo‘lsa-da, chorshanba kuniga qadar kuchli yomg‘irlar yog‘ishi, suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi saqlanib qolishi haqida ogohlantirdi. Shanxayda mingga yaqin aviareys bekor qilindi. Shaharning qator tumanlarida binolarning birinchi qavatlarini suv bosgan.

Aholi ko‘chaga chiqmaslikka chaqirildi. Bir nechta mashhur sayyohlik maskanlari, sohilbo‘yidagi tomosha maydonchalari yopildi. Fuszyan provinsiyasida o‘nlab yo‘lovchi paromlari harakati va 100 dan ortiq dengiz qurilish loyihalari to‘xtatib qo‘yildi.

Davlat ommaviy axborot vositalarining maʼlum qilishicha, Chjeszyanda to‘qqiz yoshli bola bedarak yo‘qolgan, uni kuchli to‘lqin dengizga oqizib ketilgani taxmin qilinmoqda. Xitoyda halok bo‘lganlar haqida rasmiy maʼlumot berilmagan.

“Dolfin” Xitoyga yetib kelgunga qadar Filippin, Tayvan shimoli va Yaponiyaning Okinava oroliga kuchli yog‘ingarchilik keltirdi. Filippinda sakkiz kishi halok bo‘ldi, 7 mingdan ortiq aholi evakuatsiya markazlarida saqlanmoqda. Okinavada besh nafar keksa yengil tan jarohati oldi.

Dam olish kunlari Gonkongda rekord darajadagi 36,9 daraja issiq harorat qayd etildi. Mutaxassislarning fikricha, bu yil kuchli El-Nino hodisasi tufayli Tinch okeanining g‘arbiy qismida tayfunlar yana-da kuchliroq bo‘lishi mumkin.

“Reuters” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish