Daniya maktablarida sunʼiy intellektdan foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda

Avgust 08, 2026. 12:00 • 2 daq

206
Daniya maktablarida sunʼiy intellektdan foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda

TOSHKENT, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Yangi o‘quv yilidan boshlab Daniyada maktab o‘quvchilariga uy vazifalarini og‘zaki himoya qilish talabi joriy etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Germaniyaning “Bild” gazetasi maʼlumotiga ko‘ra, bunday choralar o‘quvchilar tomonidan sunʼiy intellektdan topshiriqlarni bajarishda haddan tashqari ko‘p foydalanilayotgani bilan bog‘liq.

Maʼlum qilinishicha, o‘quvchilarning yozma topshiriqlarni bajarishda sunʼiy intellektdan keng foydalanayotgani Daniya Taʼlim vazirligini yangi tartib joriy etishga undagan. Unga ko‘ra, o‘quvchilar uy vazifalarini yozma shaklda bajarish bilan birga, ularning mazmunini og‘zaki tushuntirib berishlari lozim bo‘ladi. Bu o‘qituvchilarga o‘quvchining mavzuni qay darajada o‘zlashtirgani va ishni mustaqil bajarganini baholash imkonini beradi.

Daniya taʼlim vaziri Magnus Xoynike so‘zlariga ko‘ra, yangi tartib taʼtildan keyin kuchga kiradi. Dastlab mazkur talab yuqori sinf o‘quvchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Shuningdek, vazirlik imtihonlar jarayonida nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, maktab kompyuterlariga o‘quvchilar topshiriqlarni bajarishda qaysi raqamli vositalardan foydalanayotganini nazorat qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy taʼminot o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, maktablarda bevosita bajariladigan yozma nazorat ishlari sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bu orqali o‘quvchilarning savollarga mustaqil javob berishi va o‘zlashtirgan bilimlarini amalda namoyon etishiga yana-da aniq baho berish mumkin bo‘ladi.

Vazirning taʼkidlashicha, ko‘rilayotgan choralar sunʼiy intellektdan haddan tashqari foydalanish o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari, kasbiy tayyorgarligi, eng muhimi, mustaqil fikrlash qobiliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishining oldini olishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish