Xitoyda O‘zbekiston Prezidenti kitobi nashr etildi
Noyabr 02, 2026. 13:00 • 4 daq
• 124PЕKIN, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pekinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning xitoy tilida chop etilgan “O‘zbekiston barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Xitoy vazirlik va idoralari, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik, ekspert va ishbilarmon doiralari, yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda xorijiy diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi.
Xitoyning nufuzli “Jenmin” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob 8 bobdan iborat bo‘lib, “O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar jarayonida”, “O‘zbekiston va BMT”, “O‘zbekiston va ShHT”, “Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi” va boshqa mavzularni qamrab olgan.
Kitobda O‘zbekiston Prezidentining Yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ichki va tashqi siyosat masalalariga bag‘ishlangan nutq va ma’ruzalari, shuningdek, davlatimiz rahbarining xorijiy ommaviy axborot vositalarida chop etilgan intervyu va maqolalari o‘z aksini topgan.
Taqdimot davomida kitob O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tarixiy islohotlar, Yangi O‘zbekistonning milliy taraqqiyoti, ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari haqida Xitoy va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin Xitoyda Prezident Shavkat Mirziyoyev kitobining nashr etilishini har tomonlama strategik sheriklik o‘rnatilganining o‘n yilligi nishonlanayotgan yildagi muhim voqea sifatida baholadi.
Lyu Xaysinning fikricha, 2027-yil 2-yanvarda nishonlanadigan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi arafasida Pekin O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot va keng ko‘lamli modernizatsiya yo‘lini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Xitoy tomoni yangi mamlakat qurilishini siyosiy ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar ochadigan muhim jarayon sifatida ko‘radi.
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Targ‘ibot bo‘limi mudiri o‘rinbosari Xon Dayon ushbu kitobning chop etilishini O‘zbekiston–Xitoy gumanitar aloqalari rivojidagi yirik voqea deb atadi. Uning ta’kidlashicha, yetakchilar rahbarligida munosabatlar izchil ravishda yanada yuqori darajaga ko‘tarilib bormoqda, madaniy va intellektual muloqot esa bu jarayonga alohida teranlik bag‘ishlamoqda.
O‘zbekiston Prezidentining davlat boshqaruvi sohasidagi g‘oyalarining teranligi va ularning amaliyotga tatbiq etilishi natijadorligi alohida e’tiborga loyiq. Kitob milliy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda tanlangan yo‘lning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish borasidagi qat’iy siyosiy irodani aks ettiradi. Xitoylik ekspertlar, jamoatchilik doiralari vakillari va keng kitobxonlar ommasi uchun ushbu kitob O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti haqida qimmatli bilim manbai hisoblanadi.
“Xitoyda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kitobi nashr etilganidan juda xursandmiz. Unda Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning strategik mazmuni, mamlakatning zamonaviy rivojlanishi, ichki o‘zgarishlar va tashqi siyosat maqsadlari ochib berilgan. Xitoy auditoriyasi uchun mazkur nashr O‘zbekistonni modernizatsiya qilish jarayonini chuqur o‘rganishda muhim amaliy ahamiyatga ega”, – deydi Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi prezidenti Fu Syaotsyan.
ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfanning qayd etishicha, davlat rahbarining kitobi Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini to‘laqonli hamda har tomonlama anglash uchun muhim manba sanaladi.
U Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonning qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish va aholi turmush darajasini oshirish borasida erishgan tarixiy yutuqlarini yuqori baholadi.
Shuningdek, Pyao Yanfan islohotlarning izchilligi mamlakatning xalqaro nufuzi va iqtisodiy jozibadorligi oshishiga xizmat qilayotgani, uning muvaffaqiyatlari jahon hamjamiyati e’tiborini tortayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, kitob Xitoy va “ShHT oilasi”ning boshqa mamlakatlarida keng aks-sado beradi, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni tushunishni kengaytiradi va hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi. Unda bayon etilgan yondashuvlar ShHT doirasidagi hamkorlikning asosini tashkil etuvchi o‘zaro ishonch, teng huquqlilik, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish va birgalikda rivojlanish tamoyillariga hamohangdir.
Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Pan Dapenning e’tirof etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kitobi Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy bosqichlarini izchil aks ettiradi hamda ichki va tashqi strategiyani uyg‘unlikda ko‘rib chiqish imkonini beradi. Unda mamlakatdagi keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekiston zamonaviy milliy taraqqiyotining asosiy tamoyillari keng ochib berilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





