Belarus Milliy majlisi Vakillar palatasi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini jalb qilish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi
Noyabr 02, 2026. 12:30 • 3 daq
• 109
MINSK, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarus Milliy majlisi Vakillar palatasi O‘zbekiston fuqarolarini respublika hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga uyushgan holda jalb qilishni tartibga soluvchi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini bir ovozdan qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hujjat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Minsk shahriga tashrifi doirasida joriy yilning 8–9-iyul kunlari imzolangan edi. Uning asosiy maqsadi vatandoshlarimizning Belarusda legal va xavfsiz tarzda ishga joylashishi uchun huquqiy asos yaratishdan iborat.
Qonun loyihasini tanishtirar ekan, Belarus mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Andrey Lobovich ishchi kuchiga yuqori talab mavjudligini qayd etdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik darajasi 1,9 foizni, bandlik 85,3 foizni tashkil etadi, shu bilan birga, kamida 130 mingta bo‘sh ish o‘rni qayd etilgan.
Belarus Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida mamlakatga 4,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi kelgan. Ulardan 1,8 ming nafari sanoat va qurilish korxonalarida mehnat qilmoqda.
Bitim ishchi kuchini jalb qilishning ikki bosqichli tizimini nazarda tutadi. Birinchi bosqichda O‘zbekistonda Migratsiya agentligi nomzodlarning malakasi va tajribasini belaruslik ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqqan holda tanlab oladi hamda ularning ish beruvchilar bilan hamkorligini muvofiqlashtiradi.
Nomzodlar tayyorgarlikdan o‘tadi, mehnat sharoitlari, Belarus hayotining o‘ziga xosliklari, urf-odat va an’analari bilan tanishadi. Shuningdek, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish hamda mamlakatdan chiqish va Belarusga kirish uchun cheklovlar mavjudligini tekshirish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqichda Belarusda ish beruvchilar kelgan xodimlarni migratsiya ro‘yxatiga olish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishni ta’minlaydi. Mehnat shartnomalari imzolanganidan so‘ng fuqarolar rasman ishga kirishishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonlik xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ish haqi, mehnat sharoitlari va muhofazasi, soliqqa tortish va tibbiy sug‘urta qilish masalalari Belarus qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Shuningdek, bitim ikki mamlakatning vakolatli organlari hamda ularning kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarini belgilaydi.
Bundan tashqari, deputatlar O‘zbekiston va Belarus hukumatlari o‘rtasida 2025-yil 19-yanvarda tuzilgan fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi bayonnomani ham ratifikatsiya qildilar.
Iyul oyida imzolangan bayonnoma ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro safarlari chog‘ida har ikki davlat hududida bo‘lish shartlarini soddalashtirishni nazarda tutadi. Xususan, u vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tmasdan mamlakatda 10 kungacha bo‘lish huquqini beradi.
Ikkala hujjat yuzasidan yig‘ilishda Belarus tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Pavel Utyupin va Vakillar palatasining xalqaro ishlar bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi Yekaterina Serafinovich so‘zga chiqdilar.
Ratifikatsiya qilingan bitimlar mehnat migratsiyasini rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakatning turizm va boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi