Putszyanda O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Iyul 13, 2026. 09:00 • 2 daq
• 134SZINXUA, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Xitoyning Szinxua shahriga tashrif buyurib, qator tadbirlarda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Putszyan tumani hokimi Lyu Si bilan uchrashuv, O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi hamda yirik Xitoy kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Lyu Si O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilganini qayd etdi. U hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, diplomatlarimiz tuman hokimini hududlararo hamkorlikni kengaytirish maqsadida yurtimizga taklif qildi. Lyu Si mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tumanning yirik kompaniyalari vakillaridan iborat biznes-missiya tashrifini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi ham yuqori darajada tashkil etildi. Forumda O‘zbekistonning investitsiya salohiyati, mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, “Zhejiang Juyitang Garment Co., Ltd.” va “Zhejiang Pujiang Bohu Chain Co., Ltd.” kompaniyalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari hamda avtomobil shinalari uchun himoya zanjirlari ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “Pujiang Jida Home Textile Co., Ltd.” kompaniyasi raisi Ni Bulun kompaniyaning boshqa mamlakatlardagi korxonalari faoliyatida yuzaga kelgan qiyinchiliklar sababli ishlab chiqarishning bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish masalasi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv so‘nggida joriy yil oxiriga qadar kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish bo‘yicha tegishli kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

