Amerikalik sobiq diplomotlar ochgan markaz O‘zbekiston madaniyati targ‘ibotchisiga aylanmoqda
Iyul 12, 2026. 14:30 • 2 daq
• 80VASHINGTON, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Vashington shtatidagi bosh konsuli Ahror Burhonov Langley shahrida joylashgan “Music for the Eyes” (“Ko‘zlar uchun musiqa”) madaniy savdo uyi asoschisi, AQSH Tashqi xizmati faxriy vakili Fred Lundal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Fred va uning turmush o‘rtog‘i Sharon Lundal 1997–2001 yillarda AQSHning Toshkentdagi elchixonasida faoliyat yuritgan. Ularning O‘zbekistonda, umuman, Markaziy Osiyoda o‘tkazgan yillari shunchaki diplomatik xizmat emas, balki mintaqa xalqlari bilan mustahkam do‘stlik rishtalari, boy madaniy merosga bo‘lgan chuqur hurmat va unutilmas xotiralarga aylangan. Aynan shu tuyg‘ular asosida ular Langley shahrida “Music for the Eyes” nomli o‘ziga xos madaniyat maskanini barpo etgan.
Bugungi kunda ushbu maskan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston ruhini o‘zida mujassam etgan noyob maskan hisoblanadi. Bu yerda o‘zbek milliy choponlari, suzanalar, ikat matolari, milliy musiqa asboblari, tarixiy kitoblar, qo‘l mehnati namunalari hamda O‘zbekiston hayotini aks ettiruvchi fotosuratlar namoyish etilgan. Har bir eksponat o‘z tarixi va hikoyasiga ega bo‘lib, tashrif buyuruvchilarda O‘zbekiston madaniyati va xalqiga nisbatan samimiy qiziqish uyg‘otadi.
Uchrashuv davomida Fred Lundal O‘zbekistondagi faoliyati, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq yorqin xotiralari, orttirgan do‘stlari va mintaqaning boy madaniyati haqidagi iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlanganidek, haqiqiy diplomatiya davlatlar o‘rtasidagi munosabatlargina emas, balki insonlar qalbini yaqinlashtiradigan do‘stlik va o‘zaro hurmatdir.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston madaniyatini AQSHning shimoli-g‘arbiy hududlarida yanada keng targ‘ib qilish, mahalliy jamoatchilik bilan madaniy almashinuvlarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ushbu hududda faol tanitish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida amerikalik sobiq diplomatlar O‘zbekiston bilan bog‘liq boy hayotiy xotiralari va diplomatik faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film yaratish, Vashington shtatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kengroq targ‘ib etish, shuningdek, Fred Lundalning joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashabbuslar O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini Amerika jamoatchiligiga yanada yaqinroq tanitish, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonch rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


