Kuala-Lumpurda “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi
Sentabr 10, 2026. 16:30 • 2 daq
• 82KUALA-LUMPUR, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda MARA Texnologiya universiteti (UiTM) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turistik salohiyati va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” nomli tadbirda Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Tiong King Sing, Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal, mahalliy siyosiy va ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, madaniyat hamda turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi ziyorat turizmi maskanlari hamda UiTMning Sanʼat, dizayn va media fakulteti suratkash va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoasining shu yil 17–31-avgust kunlari Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda investitsiyaviy imkoniyatlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. U malayziyalik turoperator va investorlarni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi, madaniyat, oliy taʼlim va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi aloqalarning kengayishi o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. U O‘zbekistonning madaniy, ziyorat va qishki turizm yo‘nalishlari Malayziyada tobora ommalashib borayotganini alohida qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




