O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari belgilandi

Sentabr 10, 2026. 16:20 • 4 daq

70
O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari belgilandi

TOSHKENT, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada sohada ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trillion so‘mdan 43,1 trillion so‘mga yetdi, eksport 1 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarmoqda. Misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va eksporti ortdi, past qiymatli mahsulotlarning ulushi esa sezilarli kamaydi. Maishiy texnika bo‘yicha ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi eksport qilinmoqda. Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirildi.

Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, 706 million dollarlik eksport taʼminlandi. 148 million dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Yil yakunigacha 51 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 milliard dollarga yetkazish, 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, misga qo‘shilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqildi.

Buning uchun yurtimizda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar hisobiga mazkur ko‘rsatkich 300 ming tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 million dollarlik buyurtma bozorini shakllantiradi.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi zarur masalalar ham bor. Ayrim korxonalarda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov taʼminoti yetishmayapti, mis xomashyosini birja orqali xarid qilishda qulay moliyaviy instrumentlar talab etilmoqda, yirik xalqaro brendlarni jalb etish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish zarur. Aholi uy-joylari qurilishi ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.

Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif etildi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 million dollar resurs yo‘naltiriladi.

Endilikda kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari, sug‘urta polislari kabi boshqa taʼminot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.

Kamida 50 million dollar sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari taqdim qilinib, infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etildi. Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddatini 2030-yilgacha uzaytirish, yondosh mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini yengillashtirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish