Shartnoma doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi partiyasi Kuvaytga yetkazib berildi

Iyul 15, 2026. 10:00 • 2 daq

121
Shartnoma doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi partiyasi Kuvaytga yetkazib berildi

AL-KUVAYT, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini ushbu mamlakat bozoriga eksport qilish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Kuvaytning “Suma Fruits” kompaniyasi va Toshkent shahridagi “Globuz Marketing” korxonasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha umumiy qiymati 600 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan shartnoma imzolandi.

Mazkur kelishuv doirasida joriy yilning 13-iyul kuni sarxil mevalarning birinchi partiyasi Toshkentdan BAAning Sharja xalqaro aeroporti orqali, tranzit asosida Kuvaytga yetkazildi.

Hozirgi kunda sifatli o‘zbek mahsulotlari “Suma Fruits” kompaniyasi orqali Kuvayt poytaxtidagi yirik savdo tarmoqlari va supermarketlarda sotilmoqda. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, ayni paytda o‘zbek tomoni meva-sabzavotlarning navbatdagi partiyasini Kuvayt bozoriga yetkazib berish uchun tayyorlamoqda.

Mazkur loyihaning muvaffaqiyatli boshlanishi yurtimizning ekologik toza va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Yaqin Sharq hamda Ko‘rfaz arab davlatlari bozorida yangi istiqbolli eksport yo‘nalishlarini ochishga xizmat qiladi.

Avvalroq O‘zbekistondan ushbu mamlakatga 1 tonna hajmdagi ho‘l mevalar (o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, tarvuz va qovun) eksport qilingani haqida xabar qilgan edik.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish