O‘zbekiston va Britaniya oliy taʼlim tizimida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi
May 04, 2026. 14:55 • 2 daq
• 116
LONDON, 4-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning “Universities UK International” (“UUKi”) tashkiloti direktori Jeymi Arrousmit bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Universities UK International” (“UUKi”) – Buyuk Britaniya universitetlarining xalqaro faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot hisoblanadi. Ushbu tashkilot 140 dan ortiq universitet manfaatlarini himoya qiladi va global akademik hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Muloqot chog‘ida Jeymi Arrousmit “UUKi”ning bugungi kundagi faoliyati haqida maʼlumot berdi. U Buyuk Britaniya oliy taʼlimining xalqaro raqobatbardoshligini oshirish va xorijiy talabalar sonini ko‘paytirish masalalari haqida so‘z yuritdi.
Britaniya tomoni O‘zbekiston bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini taʼkidladi. Jumladan, mamlakatda Britaniya universitetlari filiallarini ochish, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, ingliz tilidagi o‘qitishni kengaytirish hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha fikr bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, amaliyotga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi