2027-yil boshida Toshkent viloyatida Yaponiya bozori uchun to‘qimachilik mahsulotlarining sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Noyabr 16, 2026. 08:10 • 2 daq

• 23
2027-yil boshida Toshkent viloyatida Yaponiya bozori uchun to‘qimachilik mahsulotlarining sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

TOKIO, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga safari doirasida Tokio shahrida “Masui Holdings Co., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida mahsulotlarni Yaponiya va Xitoy bozorlariga eksport qilish istiqbollari, maxsus turdagi ip-kalava ishlab chiqarish hamda bo‘yash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya direktorlar kengashi raisi Keyji Masui ishlab chiqarishga ilg‘or yapon texnologiyalari va sifat standartlarini joriy etish, yangi quvvatlar yaratish hamda eksport geografiyasini kengaytirish tajribasi xususida fikr bildirdi.

“Masui Holdings” kompaniyasining maxsus turdagi ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha tajribasini inobatga olgan holda, Yaponiya tomoniga Toshkent viloyatida ana shunday mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni bo‘yashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hamda tayyor mahsulotni Yaponiya va Xitoyga yetkazib berish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Mahalliy kadrlarni tayyorlash masalasida ham fikr-mulohaza almashildi. Bu borada viloyatdagi to‘qimachilik korxonalarining texnologlari va sifat nazorati mutaxassislari uchun Yaponiyaning sifat standartlari bo‘yicha Osaka shahrida ikki haftalik o‘quv kursini tashkil etish taklif etildi.

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida viloyatdagi istiqbolli korxonalarda yapon mutaxassislari ishtirokida sifat auditini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Audit natijalariga ko‘ra, 2027-yilning birinchi choragida Yaponiya bozori uchun 2–3 turdagi mahsulotning sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Toshkent viloyati delegatsiyasi mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi. Xususan, qo‘shma korxona uchun yer maydoni va mahalliy hamkorlarni tanlash, xomashyo yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni saralash hamda yaponiyalik ekspertlarning tashriflarini tashkil etish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish