Pokistonning yirik kompaniyasi Yangi Toshkentda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda
Noyabr 15, 2026. 17:00 • 2 daq
• 6
ISLOMOBOD, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Hashoo Group” kompaniyasi rahbari Murtaza Hashvoni bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xususan, Pokiston kompaniyasining O‘zbekistonda mehmonxona biznesi, turizm, ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Pokiston vakili O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mamlakatning turizm salohiyati, mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar hamda istiqbolli investitsiya takliflari bilan tanishtirildi.
Xususan, Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan mehmonxona va savdo majmualariga oid investitsiya loyihalari alohida ta’kidlandi.
Tomonlar “Hashoo Group” kompaniyasi ishtirokida mamlakatimizda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mehmonxona biznesini turar joy va tijorat ko‘chmas mulk obyektlari bilan uyg‘unlashtirgan holda zamonaviy ko‘p funksiyali majmualarni barpo etish yuzasidan fikr almashdi. O‘zbekistonning yirik shaharlari va turistik hududlarida faoliyat yuritayotgan mehmonxonalarni boshqaruvga olish masalalariga e’tibor qaratildi.
“Kompaniyamizda mehmonxonalarni boshqarish bo‘yicha malakali mutaxassislar jamoasi yig‘ilgan. Bu borada O‘zbekiston tomonidan tegishli takliflar taqdim etilgan taqdirda, ularni qisqa muddatlarda o‘rganib chiqib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyormiz”, – dedi Murtaza Hashvoni.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari, mehmonxona va ko‘chmas mulk bozori, xorijiy investorlarga taqdim etiladigan imtiyozlar hamda istiqbolli loyihalarni batafsil o‘rganish maqsadida kompaniya mutaxassislarining yurtimizga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib olindi.
“Hashoo Group” Pokistonning 50-yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan yirik biznes guruhlaridan biri hisoblanadi. Guruh mehmonxona biznesi, ko‘chmas mulk obyektlarini qurish va boshqarish, turizm, axborot texnologiyalari hamda tog‘-kon sanoati sohalarida faoliyat yuritadi.
Hozirgi kunda uning tasarrufida “Pearl-Continental Hotels & Resorts”, “PC Legacy”, “Hotel One” va “PC Residences” kabi mehmonxona brendlari bor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi