Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston ekologik islohotlar va mintaqaviy hamkorlik orqali global iqlim siyosatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

Noyabr 15, 2026. 15:00 • 3 daq

• 38
Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston ekologik islohotlar va mintaqaviy hamkorlik orqali global iqlim siyosatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

ANQARA, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. Anqara inqirozlar va siyosatni tadqiq qilish markazi (ANKASAM) raisi, professor Mehmet Seyfettin Erol “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–11-noyabr kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

– Iqlim inqirozi nafaqat ekologik, balki xalqaro munosabatlarni o‘zgartirayotgan geostrategik chaqiriqqa aylanib bormoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki islohotlar, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro tashabbuslarni uyg‘unlashtirgan holda global iqlim siyosatidagi ishtirokini kengaytirmoqda.

Orolbo‘yini tiklash eng asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Orol dengizining qurigan tubida tuz va chang bo‘ronlarining oldini olish hamda ekologik falokat oqibatlarini yumshatishga qaratilgan keng ko‘lamli saksovulzorlar barpo etilmoqda.

Mamlakat xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda quyosh va shamol energetikasini izchil rivojlantirmoqda. Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi yangi elektr stansiyalari energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, an’anaviy yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi islohotlarning muhim bo‘g‘iniga aylandi. Uning doirasida ekologik barqarorlikka iqtisodiy modernizatsiya va investitsiyalarni jalb qilishning ajralmas qismi sifatida qaralmoqda. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasining ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilinishi tabiatni muhofaza qilish borasidagi tashabbuslarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi bo‘ldi.

Yaxshi qo‘shnichilik, murosa va umumiy manfaatlar tamoyillariga asoslangan mintaqaviy diplomatiya alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Mirziyoyev doktrinasi” deb ta’riflangan ushbu yondashuv Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar, eng avvalo, suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalarini birgalikda hal qilishni nazarda tutadi.

Turkiyadagi COP31 sammiti ushbu tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. O‘zbekiston qurg‘oqchilikka qarshi kurashish, ekologik inqirozlarni boshqarish va barqaror qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish borasidagi tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish, investorlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Uzoq muddatli istiqbolda “yashil” energetikaning rivojlanishi O‘zbekistonni nafaqat o‘z energiya ehtiyojlarini to‘liq qoplaydigan davlatga, balki Kaspiy dengizi va Kavkaz orqali Yevropaga hamda Osiyo bozorlariga toza elektr energiyasi eksport qiluvchi mamlakatga aylantirishi mumkin. COP31 ushbu salohiyatga investitsiyalar jalb etish uchun qo‘shimcha maydon vazifasini o‘tashi mumkin.

Ekologik islohotlar, mintaqaviy sheriklik va qayta tiklanuvchi energetikaning rivojlantirilishi O‘zbekistonning global iqlim kun tartibidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Mamlakat iqtisodiy o‘sish va ekologik mas’uliyat barqaror rivojlanishga qaratilgan yagona strategiyaning uzviy qismlari bo‘la olishini amalda isbotlashga intilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish