Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi O‘zbekiston-Belarus turistik forumi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi
Noyabr 15, 2026. 16:30 • 2 daq
• 26MINSK, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/.Belarusning yetakchi axborot agentliklari va sohaviy nashrlari joriy yil 26-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan II O‘zbekiston-Belarus turistik forumi hamda 25–27-noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turistik yarmarkasida Belarus delegatsiyasining ishtirok etishini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“BYELTA” axborot agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning rasmiy va ishbilarmon delegatsiyasi tarkibiga mehmondo‘stlik industriyasining 25 ga yaqin tashkiloti vakillari kiradi. Ular orasida respublika va mintaqaviy boshqaruv organlari, tarmoq jamoat birlashmalari, sanatoriy-kurort muassasalari, mehmonxona biznesi va yetakchi turoperatorlarning rahbarlari bor.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi ko‘rgazmada Belarus Milliy stendi tashkil etilib, u mamlakatning turistik salohiyatini namoyish etish, B2B formatdagi muzokaralar o‘tkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini o‘rnatish uchun markaziy maydoncha bo‘lib xizmat qiladi.
“SB. Belarus segodnya” nashri turistik sohadagi ikki tomonlama muloqot ham idoralararo darajada, ham biznes-hamjamiyat liniyasi bo‘yicha jadal rivojlanib borayotganini qayd etgan. Shuningdek, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Minskka rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Belarus Milliy turistik agentligi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangani aloqalarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lgani eslatib o‘tilgan.
“RSTO” (toursoyuz.by) sohaviy portali ikki tomonlama hujjatlarda mustahkamlangan asosiy va eng talab yuqori bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatgan. Belarus ekspertlari o‘zaro sayyohlar oqimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida madaniy-ma’rifiy turizm, oilaviy dam olish, tibbiy turizm va sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirish yo‘nalishlarini keltirib o‘tgan.
Belarus OAV vakillari noyabr oyi oxirida O‘zbekiston poytaxtida o‘tkaziladigan tadbirlar o‘zaro turistik almashinuvni yana-da kengaytirishga kuchli amaliy turtki berishini qayd etganlar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


