Norvegiyada O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etildi
Oktabr 21, 2026. 16:00 • 2 daq
•OSLO, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Norvegiyaning Sharqiy savdo palatasi tomonidan “Norvegiya – Qora dengiz mintaqasi” nomli biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirda O‘zbekistonning Norvegiyadagi elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Rahmatulla Nurimbetov ham ishtirok etdi.
Mamlakatimiz elchisi o‘z nutqida O‘zbekistonda investitsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
U Norvegiya biznesi uchun istiqbolli bo‘lgan sohalar – qayta tiklanadigan energetika va yashil energetikaga o‘tish, tog‘-kon sanoati va o‘ta muhim minerallar, suv xo‘jaligi va ekologik texnologiyalar, agrosanoat majmuasi va mahsulotlarni qayta ishlash, logistika hamda raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Yevropa va Osiyo o‘rtasida, jumladan, Qora dengiz mintaqasi orqali savdo va tranzit uchun yangi imkoniyatlar ochib beruvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (O‘rta yo‘lak)ning strategik ahamiyati ta’kidlandi.
Norvegiya va Skandinaviya kompaniyalarining O‘zbekistondagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlari alohida qayd etildi.
Xususan, barqaror shaharsozlik, energiya samaradorligi, qurilish materiallari va “aqlli” infratuzilma borasidagi zamonaviy yechimlarga talab yuqori bo‘lgan Yangi Toshkent shahrini barpo etishda hamkorlik qilish istiqbollariga e’tibor qaratildi.
Forum doirasida Norvegiyaning “Jotun”, “Norse Group”, “DLA Piper”, “Aker Solutions”, “Innovation Norway” kabi qator yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatildi. Hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini kelgusida batafsil ishlab chiqishga kelishib olindi.
Norvegiya Sharqiy savdo palatasi bosh kotibi Olga Larsson bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish orqali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


