O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyati Italiya va jahon brendlariga taqdim etildi
Oktabr 20, 2026. 11:30 • 2 daq
• 161
RIM, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi hamda “Ernst & Young” (EY) xalqaro konsalting kompaniyasi hamkorligida “O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati: Yevropa ta’minot zanjirlari uchun imkoniyatlar” mavzusida vebinar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Italiya va jahonning to‘qimachilik hamda moda industriyasining yetakchi kompaniyalari, jumladan, “Alviero Martini”, “Benetton”, “Bertolo Cashmere”, “Frette”, “Ralph Lauren” va “Gabel Group” vakillari ishtirok etdi.
Vebinarni O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruhullo Zikrillayev ochib berdi.
Qatnashchilarga O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, amaldagi ishlab chiqarish quvvatlari va eksport imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tayyor mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib berish istiqbollari va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“EY” ekspertlari Yevropaning to‘qimachilik mahsulotlari ta’minot zanjirlarining huquqiy jihatlari, ekologik va ijtimoiy talablar, tovarlarning kelib chiqishini aniqlash qoidalari, shuningdek, O‘zbekiston uchun “GSP+” preferensial rejimidan foydalanish imkoniyatlari xususida so‘z yuritdilar.
Vebinar davomida Italiya kompaniyalarining buyurtmalari asosida to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va o‘zbek ishlab chiqaruvchilaridan tayyor mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik modellari ham ko‘rib chiqildi. Bunda mahsulot sifati, xalqaro sertifikatlash, shartnoma shartlari, ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish va ta’minot zanjirlarining shaffofligiga alohida urg‘u berildi.
Tadbir yakunida tomonlar manfaatdor italyan kompaniyalari va O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri B2B muzokaralarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi