O‘zbekiston va Eron savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oktabr 20, 2026. 09:00 • 2 daq
• 125
TЕHRON, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Fariddin Nasriyev Eron kooperativlar palatasi rahbari Bahman Abdullahi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdoni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kasb tajribasi almashinuvini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, qo‘shma loyihalar istiqbollarini o‘rganish maqsadida Eron ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Eron tomoni O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan sharoitlar mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Transport-logistika hamkorligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish hamda tegishli idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirish hamda savdo, investitsiya va transport logistikasi sohalarida amaliy natijalarga erishishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
1994-yilda asos solingan Eron kooperativlar palatasi (Iran Chamber of Cooperatives, ICC) Eron kooperativ sektorining oliy nodavlat vakillik organi hisoblanadi. Mamlakatda 104 mingdan ortiq kooperativ faoliyat yuritib, ular 18 milliondan ziyod ishtirokchini birlashtiradi va 1,8 million ish o‘rnini ta’minlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi