Hindistonning yetakchi kompaniyalari Yangi Toshkent loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda

Oktabr 19, 2026. 20:00 • 2 daq

• 226
Hindistonning yetakchi kompaniyalari Yangi Toshkent loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda
Hindistonning yetakchi kompaniyalari Yangi Toshkent loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda

DЕHLI, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yirik kompaniyalari Yangi Toshkent hududida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va yetakchi hind kompaniyalarini Yangi Toshkentdagi loyihalarga jalb etish maqsadida ushbu davlatning yetakchi kompaniyalari vakillarining tashrifi tashkil etildi. 

Tashrif 15-16-oktabr kunlari mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamrohligida bo‘lib o‘tdi. Unda “Larsen & Toubro” kompaniyasi vitse-prezidenti Rajan Bansal, “Adani Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha maxsus vakili Anand Kumar va “Reliance Industries” kompaniyasining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Mahesh Kumar ishtirok etdi.

Tashrif O‘zbekiston Prezidenti raisligida 12-oktabr kuni Yangi Toshkent hududiga xorijiy investorlarni jalb etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi. Tashrif dasturidan Prezident raisligida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i investorlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish va Yangi Toshkentdagi istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishish o‘rin olgan.

Investorlar kengashi yig‘ilishida “Reliance Industries” kompaniyasi vakili Mahesh Kumar so‘nggi yillarda O‘zbekiston energetikasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalarni yuqori baholadi. U quyosh elektr stansiyalarini qurish va elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Yangi Toshkentga tashrif chog‘ida uning direksiyasi rahbariyati shaharni rivojlantirish rejalari va investitsiya imkoniyatlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, markazlashgan issiqlik ta’minotini tashkil etish, turar-joy va noturar-joy majmualari, yirik tijorat obyektlari va zamonaviy savdo-ko‘ngilochar markazlar qurish loyihalari bilan tanishtirdi. 

Taqdimotlarda Yangi Toshkent shahrini zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribani joriy etish, xorijiy xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Hindiston kompaniyalari vakillari taqdim etilgan loyihalarga qiziqish bildirib, ularni batafsil o‘rganib chiqish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlash niyatida ekanini bildirdi. Tashrif yakunida tomonlar taklif etilgan loyihalarni o‘rganish va muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish