Nukusda mahalliy bazaltdan zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda

Sentabr 18, 2026. 20:48 • 2 daq

104
Nukusda mahalliy bazaltdan zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda

TOSHKENT, 18-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Nukus shahridagi “Nukus Insulation Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, korxonada mahalliy bazalt xomashyosidan zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning boy tabiiy resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan ushbu loyiha hududda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.

Umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan korxonaga Yevropada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Ular mahalliy xomashyodan xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash imkonini beradi.

Korxona yiliga 300 milliard so‘mlik 50 ming tonna issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Bazalt asosidagi izolyatsiya materiallari yong‘inga chidamliligi, issiqlikni saqlash xususiyati va uzoq xizmat qilishi bilan ajralib turadi. Ularning qurilishda qo‘llanilishi bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish, isitish va sovitish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishib, korxona jamoasi bilan samimiy muloqot qildi.

Shu yerning o‘zida Qoraqalpog‘iston tumanlariga biriktirilgan viloyatlar hokimlari o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Prezidentimiz viloyatlar ko‘magida ushbu tumanlarni qo‘llab-quvvatlash va obodonlashtirish ishlari ko‘lamini yana-da kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanib, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish