Omsk viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

Oktabr 01, 2026. 16:00 • 2 daq

•
Omsk viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Omsk viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Omsk viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

OMSK, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshlar bilan hamkorlikda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bayram tadbirida Omsk viloyati gubernatori ma’muriyati, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari, ushbu hududda tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Omsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Andrey Shpilenko hududlar o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Omsk viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sanoat va agrar sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani, texnologik sheriklik va gumanitar aloqalar rivojlanib borayotgani qayd etildi.

So‘nggi uch yilda mintaqaning O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi ikki barobar oshdi. Bugungi kunda mamlakat Omsk viloyatining tashqi savdo hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, keyingi o‘sish uchun salohiyat sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Omsk va O‘zbekiston korxonalari o‘rtasida sanoat va texnologik hamkorlik sohasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yurtimizning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarning yuksak darajasiga to‘xtalib, mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov mamlakatimizning ko‘p millatli xalqi uchun mustaqillikning alohida ahamiyatini ta’kidlab, O‘zbekistonning so‘nggi 10 yillik taraqqiyoti davomida erishgan salmoqli yutuqlarini e’tirof etdi.

Asosiy e’tibor O‘zbekiston va Omsk o‘rtasidagi ko‘p qirrali, jumladan, madaniy-gumanitar sohada kengayib borayotgan hamkorlikka qaratildi.

Vatandoshlarimiz yurtdan uzoqda bo‘lishiga qaramay, har bir fuqaroga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun mamlakat rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Omsk viloyatidagi O‘zbekiston xalqlari ijtimoiy-madaniy markazi rahbari Feruza Adashevaning “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani alohida ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish