“Infora News”: O‘zbekistonda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari 50 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi

Oktabr 01, 2026. 15:30 • 3 daq

• 22
“Infora News”: O‘zbekistonda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari 50 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi

ISLOMOBOD, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Infora News” nashrida “O‘zbekiston: pedagog maqomini yuksaltirish – ta’lim tizimi islohotlarining bir qismi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, ilgari O‘zbekistonda O‘qituvchilar kuni muayyan bir sanaga bog‘lanmagan, oktyabr oyining birinchi yakshanbasida nishonlangan va faqat ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini qamrab olgan.

“1997-yildan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida belgilandi. Bu kunga davlat bayrami va dam olish kuni maqomi berildi. Bayramning mazmun-mohiyati ham kengaytirilib, u sport murabbiylari, ishlab chiqarish ustalari va faoliyati u yoki bu darajada bilim va tajriba berish, tarbiyalash yoki kasbiy ustozlik bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa mutaxassislarni ham qamrab ola boshladi”, – deb yozgan “Infora News”.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarni paxta terimi, obodonlashtirish ishlari, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va mahallalardagi yig‘imlarga jalb etish amaliyotiga barham berilgan. Majburiy mehnatning tugatilishi pedagoglarga o‘z kasbiy ko‘nikmalarini oshirish uchun keng imkoniyat yaratdi. 

Muallif majburiy mehnatga barham berishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaror va farmonlari, O‘zbekistonning mazkur sohada milliy hukumatlar zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni belgilab beruvchi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi muhim rol o‘ynaganini alohida ta’kidlagan.

Materialda qayd etilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda o‘qituvchilarning oylik maoshlari sezilarli darajada oshdi.

“Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, maktab o‘qituvchilarining bazaviy stavkasi bir me’yoriy yuklama uchun 3,7 million so‘mni tashkil etsa, ularning mutlaq ko‘pchiligi – qariyb 90 foizi oyiga 6 million so‘mgacha (500 dollardan ortiq) maosh oladi. Yana bir qismi 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha ish haqiga ega. Eng yaxshi maktablarda yoki yuqori ish yuklamasi va qo‘shimcha ustamalar hisobiga o‘qituvchilarning maoshi 20 million so‘m va undan ham ko‘proqqa yetishi mumkin”, – deyilgan materialda.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarga qator davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma taqdim etiladi. Ularning farzandlari esa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganida kontrakt to‘lovi bo‘yicha 30 foizlik chegirma olish huquqiga ega.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda joriy yil pedagoglar salohiyatini aniqlash, ular o‘rtasida sog‘lom kasbiy raqobat muhitini shakllantirish hamda mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida respublika bo‘ylab 46 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, jami 208 nafar ishtirokchi – mamlakatning har bir tuman va shahridan bittadan o‘qituvchi g‘olib deb topilgan. Ularning har biri 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish