Logo

Parijda vatandoshlar ishtirokida Navro‘z nishonlandi

Aprel 10, 2026. 18:56 • 2 daq

5
Parijda vatandoshlar ishtirokida Navro‘z nishonlandi

PARIJ, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bayram tantanalarida Fransiyada istiqomat qilayotgan, tahsil olayotgan va turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, fransuz jamoatchiligi va madaniyat arboblaridan iborat 150 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Navro‘z bayramining insoniyat tamaddunidagi o‘rni, uning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikenglik va yangilanish kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.

Kechaning badiiy qismi haqiqiy sanʼat bayramiga aylanib ketdi. Xususan, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining nafis chiqishlari hamda Shermat Yormatov nomidagi Yoshlar milliy xor guruhi ijrosidagi dilkash kuy-qoshiqlar parijlik mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Milliy raqs sanʼatimizning jozibasi va jarangdor musiqiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha ko‘tarinki ruh va bahoriy kayfiyat bag‘ishladi.

Parij markazida tashkil etilgan ushbu Navro‘z bayrami O‘zbekistonning boy madaniyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish bilan bir qatorda, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar rishtalarni va o‘zaro anglashuvni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish