Pekinda turli davlat talabalari ishtirokida O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Oktabr 21, 2026. 11:30 • 4 daq
• 91PЕKIN, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbek tili kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbir o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligiga bag‘ishlandi. Unda Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik va xorijlik talabalar, professor-o‘qituvchilar, o‘zbek tili mutaxassislari, ushbu davlatda ishlayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar hamda diplomatlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning maqomini mustahkamlash va qo‘llanish doirasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas tarixiy voqeaga aylangani, davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilingani, ushbu yo‘nalishda 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilayotganini ta’kidladi.
Xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tillari, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat berilayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv doirasida o‘zbek tilida nashr etilgan kitoblar taqdimoti, milliy liboslar, tasviriy san’at namunalari va milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Marvarid Alimardonova, Pekin universiteti talabasi:
– Elchixonamizda tashkil etilgan tadbir davomida Xitoydagi vatandoshlar hamda xorijlik tengdoshlar bilan uchrashib, ular bilan fikr almashdik.
Uchrashuv mazmunli va do‘stona kayfiyatda o‘tdi. Xorijlik do‘stlarimiz tilimiz, madaniyatimiz va urf-odatlarimizga katta qiziqish bilan qarashdi.
Davlatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlardan boxabar bo‘ldik.
O‘z navbatida, biz ham xorijda o‘zbek tilini targ‘ib etish va madaniyatimizni tanitishga o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin ko‘ngildan tabriklayman.
Daniel Gal-Xayun, vengriyalik talaba:
– O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbir menda katta taassurot qoldirdi.
Biz o‘zbek tili nufuzining jahon miqyosida tobora oshib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Albatta, bu o‘zbek xalqi uchun faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Suhbat davomida betakror madaniyatingiz bilan tanishdim, milliy taomlaringizdan tatib ko‘rdim.
Bugungi uchrashuv davomida kelgusida O‘zbekistonga borishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
Anamaria-Stefania Andrei, britaniyalik talaba:
– Avval ham O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, go‘zal tabiati va odamlarining mehmondo‘stligi haqida eshitganman.
Bugungi uchrashuvda eshitganlarimni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘lganimdan juda baxtiyorman.
Tashkil etilgan tadbir biz kabi xorijlik talabalar uchun juda qiziqarli va mazmunli bo‘ldi.
O‘zbek tili juda chiroyli til. Do‘stlarimiz bilan suhbatlashganda buning guvohi bo‘lamiz. O‘zbekistonlik talabalar juda harakatchan va tirishqoq. Ular o‘z madaniyati va urf-odatlariga katta hurmat bilan qarashadi.
Pablo Visente Vega Fernandez, ispaniyalik talaba:
– O‘zbekiston elchixonasida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etayotganimdan behad xursandman.
Yurtingiz haqida ko‘p eshitganman va ijtimoiy tarmoqlarda madaniyatingiz hamda sayyohlik imkoniyatlaringiz haqidagi lavhalarni muntazam kuzatib boraman. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi barchani hayratga soladi.
Chjouin Shao, xitoylik talaba:
– Bugun do‘stlarim bilan O‘zbekiston elchixonasiga kelib, tantanali tadbirda ishtirok etganimdan mamnunman.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar ming yillik tarixga ega. Bu do‘stlik aloqalari qadimiy Ipak yo‘li davridan buyon rivojlanib kelmoqda.
So‘nggi yillarda o‘zaro munosabatlarimiz barcha sohalarda yanada tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Vizasiz rejim joriy etilgandan so‘ng O‘zbekistonga xitoylik sayyohlar oqimi oshdi. Hamyurtlarim mamlakatingizning o‘ziga xos jozibasi va urf-odatlari bilan tanishish uchun yurtingizga sayohat qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Biz, yoshlar ham, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga doimo intilamiz.
Felipe Xolguin Barrera, kolumbiyalik talaba:
– Xitoyda o‘qish jarayonida ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar bilan tanishdim. Bugungi O‘zbek tili bayramiga ham ular bilan birga keldim.
Tilning ahamiyati beqiyos, deb hisoblayman. U nafaqat boshqalar bilan muloqot qilish vositasi, balki milliy meros va o‘zligimizni his qilishning ham muhim qismidir.
Barcha do‘stlarimni O‘zbek tili kuni bilan samimiy qutlayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



