O‘zbekiston elchixonasida oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi

Avgust 14, 2026. 14:30 • 2 daq

46
O‘zbekiston elchixonasida oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi

TOKIO, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya Oziq-ovqat sanoati uskunalari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (FOOMA) ijrochi direktori Koiti Inoue bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, xususan, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalariga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulot yo‘qotishlarini kamaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Koiti Inoue O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va xorijiy biznes uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yapon kompaniyalarida qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida FOOMA aʼzosi bo‘lgan yapon kompaniyalari bilan sheriklik aloqalarni kengaytirish, Toshkent viloyati delegatsiyasining oktyabr oyida Yaponiyaga rejalashtirgan tashrifini tashkil etish hamda safar doirasida B2B formatida turli uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish