Istanbulda O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligining yangi loyihalari muhokama qilindi
Avgust 13, 2026. 17:00 • 2 daq
• 214
ISTANBUL, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Turkiyaning yirik “Dosso Dossi” kompaniyasi vakili Kerim Demirturk bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida kompaniyaning ko‘p tarmoqli faoliyati, jumladan, erkaklar va ayollar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdosi, turizm hamda qurilish sohalaridagi tajribasi yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.
Muloqot chog‘ida “Dosso Dossi”ning O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kompaniya vakili O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasiga chiqishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi sanoat va ishlab chiqarish zonalarida mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy xomashyo va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda yuzlab yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha loyihalarni o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda ko‘rib chiqish hamda “Dosso Dossi” kompaniyasi va O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi