Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi

Noyabr 13, 2026. 09:25 • 2 daq

• 87
Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi
Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi
Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi
Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi
Rimda “Visit Uzbekistan” jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi

RIM, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan “Visit Uzbekistan” xalqaro jurnalining ilk italyan tilidagi maxsus soni chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Visit Uzbekistan” Italiyadagi “Dinara & Co.” nashriyot uyi bilan hamkorlikda chop qilindi. Mamlakatimizning boy madaniyati va turizm salohiyatini targ‘ib etuvchi ushbu jurnalning dastlabki sahifalarida 2023-yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga amalga oshirgan tashrifi haqida material e’lon qilingan.

Shu bilan birga, nashrda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga strategik sheriklik maqomi berilgani hamda o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar yoritilgan.

Jurnalda O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev, Italiya–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Jorjo Veronezi, ta’lim va ilm-fan vazirining Italiyadagi maslahatchisi Marko Farchi va boshqalarning intervyulari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Maqolalarda diplomatik va madaniy aloqalarning faol rivojlanayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining sezilarli darajada o‘sgani va istiqbolli investitsiya loyihalari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Venetsiya biyennalesidagi milliy pavilyonlar hamda Florensiya va boshqa shaharlarda o‘tkazilayotgan yirik ko‘rgazmalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirib, yurtimizga yevropalik sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Materiallarda iqtisodiyot va sanoat sohalarida 2023-yildan boshlab qo‘shma korxonalar tashkil etish va texnologiyalar transferi ustuvor yo‘nalishga aylangani alohida qayd etilgan.

Ushbu yo‘nalishda neft-gaz va kimyo sanoati bilan bir qatorda “yashil” energetika, to‘qimachilik, Jizzaxda za’faron yetishtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash istiqbolli tarmoqlar sifatida ko‘rsatilgan.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida 2024-yil kuzida Toshkentda Italiyaning 30 ga yaqin yetakchi oliygohlari rektorlari ishtirokida o‘tkazilgan ilk forum akademik aloqalarni yangi bosqichga ko‘targani e’tirof etilgan.

Nashrda italiyalik fotosuratchi Fernando Russoning O‘zbekiston bo‘ylab sayohatidan olgan taassurotlari, tarixiy shaharlarimiz haqida qiziqarli ma’lumotlar, milliy moda olami namoyandalari hamda sayyohlar uchun foydali tavsiyalar yoritilgan.

2017-yildan buyon ingliz tilida chop etib kelinayotgan “Visit Uzbekistan” jurnali O‘zbekistonning madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va turistik imkoniyatlarini xalqaro maydonda tanituvchi yetakchi nashr hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish