Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda

Sentabr 05, 2026. 13:00 • 2 daq

67
Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda
“Dunyo” AA olgan surat
Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda
“Dunyo” AA olgan surat
Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda
“Dunyo” AA olgan surat
Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda
“Dunyo” AA olgan surat

SAMARQAND, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 5-sentabr kuni Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning ishtiroki” mavzusida maxsus ochiq sessiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sessiyada turli mamlakatlar parlamentlarining yosh aʼzolari, xalqaro tashkilotlar hamda soha ekspertlari Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirishda qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni va imkoniyatlarini muhokama qildi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva ochib berdi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda BRMni amalga oshirish borasida ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik va institutsional yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2021–2025-yillarda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 5,8 foizgacha, ishsizlik darajasi esa 2020–2025-yillarda 10,5 foizdan 5,1 foizgacha tushdi. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 18,7 foizdan 47,7 foizga yetdi.

Mazkur natijalar BRMni amalga oshirishda davlat siyosatining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan tizimli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Parlamentlar qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, byudjet ustuvorliklarini belgilash hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayoniga kengroq jalb etishda muhim o‘rin tutadi.

Sessiyada O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi hamda “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida” rezolyutsiyalarining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yosh parlament aʼzolarining BRMni ilgari surishdagi roli, parlamentlarning yoshlar bilan ishlash mexanizmlari, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, BRMga erishishni jadallashtirish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida yosh parlament aʼzolari tomonidan BRMni amalga oshirishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni almashish va samarali parlament mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha takliflar bildirildi.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish