O‘zbekistonlik sanʼatkorlar Berlindagi xalqaro musiqa festivalida qatnashdi
Sentabr 05, 2026. 12:30 • 2 daq
• 71
BERLIN, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Berlin shahrida o‘tkazilgan “Pop-Kultur” xalqaro musiqa festivalida o‘zbekistonlik sanʼatkorlar ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Festival dasturidan konsertlar, ijodiy uchrashuvlar va turli musiqiy tadbirlar o‘rin oldi. Gyote instituti ko‘magida ishtirok etgan yurtimiz ijodkorlari Sayyora Musayeva va Laylo Rixsiyeva o‘z ijod namunalarini namoyish etdi.
O‘zbekistonlik sanʼatkorlarning chiqishlari “Sonic Crossings” dasturi doirasida o‘tkazildi. Hamyurtlarimizning festivaldagi ishtiroki “Pop-Kultur” festivalining rasmiy www.pop-kultur.berlin internet sahifasida keng yoritildi.
Sayyora Musayevaning zamonaviy pop, folklor va milliy musiqa uyg‘unlashgan ijod namunalari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Konsert davomida uning 2025-yilda yaratilgan “Yangi tong” albomidan qator kompozitsiyalar ijro etildi. Ushbu asarlarda zamonaviy musiqa ohanglari milliy musiqa elementlari bilan uyg‘unlashgani alohida eʼtiborga sazovor bo‘ldi.
Laylo Rixsiyevaning repertuaridan o‘rin olgan “Home”, “Simple”, “Cry” kabi kompozitsiyalar ham festival ishtirokchilari va mehmonlariga manzur bo‘ldi. Sanʼatkor o‘zbek maqom sanʼati namoyandalaridan biri, taniqli bastakor va xonanda Yunus Rajabiy avlodi vakili hisoblanadi.
Laylo Rixsiyevaning ijodi zamonaviy musiqiy yo‘nalishlar bilan bir qatorda milliy musiqa anʼanalari bilan ham uyg‘unlashgan. Uning qo‘shiqlarida insonning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ulari, shaxsiy izlanishlari va hayotda o‘z o‘rnini topish kabi mavzular o‘z aksini topgan.
O‘zbekistonlik ijodkorlarning “Pop-Kultur” xalqaro festivalida ishtirok etishi Yevropa musiqa maydonida mamlakatimizning zamonaviy sanʼati va milliy anʼanalarni keng targ‘ib qilish hamda xalqaro auditoriyaga tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi