Saudiyadagi vatandoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Elchi kubogi” o‘tkazildi
Oktabr 07, 2026. 08:55 • 2 daq
• 98AR-RIYOZ, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Saudiya Arabistonidagi vatandoshlar ishtirokida futbol bo‘yicha “Elchi kubogi” musobaqasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sport – sog‘liq garovi” shiori ostida bo‘lib o‘tgan sport tadbiri davlatimiz mustaqilligini keng nishonlash, xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlar o‘rtasida hamjihatlikni yana-da mustahkamlash, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.
Musobaqada Saudiya Arabistonining turli oliygohlarida tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan tashkil topgan futbol jamoalari qatnashdi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘rtasida do‘stona va sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilib, jamoaviylik, o‘zaro hurmat va sport madaniyati namoyish qilindi.
Ishtirokchilar sport bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatish barobarida O‘zbekiston mustaqillik kuni munosabati bilan bir-birini qutlab, Vatanga daxldorlik va faxr tuyg‘ularini namoyon etdi.
Vatandoshlarga mahalliy davlat qonun-qoidalariga rioya etish va taqiqlangan ommaviy namoyishlarga qo‘shilmaslik zarurligi bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi.
Noqonuniy millatlararo to‘qnashuvlarda qatnashishning salbiy oqibatlari, ekstremistik oqimlarga qo‘shilmaslik hamda radikal, destruktiv va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning oldini olish bo‘yicha profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Musobaqada faol qatnashgan jamoalar va ishtirokchilar taqdirlanib, g‘olib va sovrindorlarga “Elchi kubogi”, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

