O‘zbekiston va Pokiston yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab oldi
Oktabr 07, 2026. 09:30 • 3 daq
• 88ISLOMOBOD, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Ommabop “CEO Today” jurnalida O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev bilan intervyu e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pokiston nashrida e’lon qilingan materialda O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi holati, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritilgan.
Intervyuda elchi diplomatik faoliyatni tanlashga undagan omillar haqida fikr bildirib, xalqaro munosabatlar, turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi aloqalar xususida alohida to‘xtalib o‘tgan.
Suhbatda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar Pokiston madaniy merosining muhim qismini tashkil etishi ta’kidlangan. Bu tarixiy mushtaraklik bugungi munosabatlarni rivojlantirish uchun mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashdi, – deydi elchi Alisher To‘xtayev. – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga buyurgan davlat tashrifi davomida Qo‘shma deklaratsiya va 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolangani munosabatlarning amaliy mazmunini boyitgan muhim voqea bo‘ldi”.
Intervyuda savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatildi. So‘nggi sakkiz yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 12 baravarga oshib, 2026-yil 1-yanvar holatiga 475 million AQSh dollarini tashkil etdi. Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olingan.
Suhbatda madaniyat, turizm va ta’lim sohalaridagi aloqalarning holati va istiqbollariga oid savollarga javoblar ham o‘quvchilarni e’tiborsiz qoldirmaydi.
“O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi, sayyohlik almashinuvining ortishi, Islomobodda “Toshkent” ko‘chasi va “Bobur” nomidagi bog‘ning ochilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mingdan ortiq Pokiston fuqarosining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgani ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi”, – degan elchi.
Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari intervyuda Pokiston biznes hamjamiyatini O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlaridan faol foydalanish, yoshlarni bilim, innovatsiya va hamkorlik asosida yangi tashabbuslarni ilgari surishga chaqirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

