Shvetsiyadagi vatandoshlar ishtirokida o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazildi
Iyul 01, 2026. 12:30 • 2 daq
•STOKGOLM, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan anʼanaviy to‘rtinchi futbol turniri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Musobaqada Shvetsiya, Norvegiya va Latviyada istiqomat qilayotgan vatandoshlardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi. Shuningdek, Shvetsiyada faoliyat yuritayotgan qirg‘iz va afg‘on diasporalari vakillari ham o‘z jamoalari bilan turnirga qo‘shildi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra, “Maksimum” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, maxsus kubok bilan taqdirlandi. Sovrindorlarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyalari g‘oliblari ham alohida taqdirlandi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan madaniy dastur o‘zbek estrada xonandasi Mustafoning chiqishi bilan yana-da fayzli tus oldi. Uning ijrosidagi qo‘shiqlar ishtirokchilar va mehmonlar tomonidan iliq kutib olindi.
Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, turnir 500 nafardan ortiq ishtirokchi va muxlisni birlashtirdi. Bunday sport tadbirlari xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro aloqalarni kengaytirish hamda Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





