O‘zbekiston diplomatlari Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashdi

Iyun 25, 2026. 12:30 • 2 daq

160
O‘zbekiston diplomatlari Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashdi

AR-RIYOZ, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida Fan va texnologiyalar universitetida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishtirokchilarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, ilm-fan va sport sohalaridagi islohotlar, shuningdek, mamlakatning yoshlarga oid davlat siyosati hamda profilaktik tushuntirish ishlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv ishtirokchilariga o‘qish jarayoniga masʼuliyat bilan yondashish, yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish hamda kelgusida egallangan bilim va ko‘nikmalarni O‘zbekistonning taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida samarali qo‘llash muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, diplomatik vakolatxonalar orqali konsullik-huquqiy xizmatlardan foydalanish tartibi, fuqarolarni o‘z vaqtida konsullik hisobiga qo‘yish hamda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Muloqot davomida Saudiya Arabistoni qonunchiligiga qatʼiy rioya qilish, ruxsat etilmagan ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik, shuningdek, ekstremistik va radikal g‘oyalar taʼsiriga tushib qolishning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Diplomatlar ishtirokchilarni Yaqin Sharq mintaqasidagi mavjud vaziyat haqida ham xabardor qilib, xavfsizlik choralariga qatʼiy amal qilish, hushyorlikni saqlash va masʼuliyatli yondashuv muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida savol-javoblar sessiyasi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha batafsil javoblar va konsullik-huquqiy masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish