Novosibirskda futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchinchi o‘yini jamoaviy tarzda tomosha qilindi

Iyun 28, 2026. 12:30 • 2 daq

103
Novosibirskda futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchinchi o‘yini jamoaviy tarzda tomosha qilindi
Novosibirskda futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchinchi o‘yini jamoaviy tarzda tomosha qilindi

NOVOSIBIRSK, 28-iyun. “Dunyo” AA. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan bugun futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchinchi uchrashuvini jamoaviy tomoshasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbir.

Tadbirda konsullik okrugida istiqomat qilayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi hamda Migratsiya agentligi vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar milliy ramzlarimiz aks etgan yorqin futbolkalarda yig‘ilib, haqiqiy sport bayrami va hamjihatlik muhitini yaratdilar.

Uchrashuv boshlanishidan avval barcha ishtirokchilar Vatanimizdagi millionlab muxlislar bilan birga O‘zbekiston Davlat madhiyasini yuksak g‘urur va iftixor bilan ijro etib, o‘z yurtiga bo‘lgan mehri va milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdilar.

Uchrashuv xorijdagi vatandoshlarimizning yuksak jipsligi va milliy terma jamoaga bo‘lgan cheksiz ishonchini yana bir bor tasdiqladi. Terma jamoamiz Kongo jamoasiga qarshi bahsda yuqori mahorat, g‘alabaga intilish va yuqori natijaga erishish yo‘lidagi qatʼiyatini namoyon etdi.

Ayniqsa, Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan ajoyib gol qatnashchilarda katta hayajon va quvonch uyg‘otdi. Muxlislar uni uzoq davom etgan olqishlar bilan qarshi olib, ushbu gol o‘zbek futboli tarixining oltin sahifalaridan munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirdilar.

Bosh konsulxona tomonidan tashkil etilgan mazkur jamoaviy tomosha tadbiri xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning birdamligi, Vatanga sadoqati hamda milliy terma jamoamizning jahon futboli maydonidagi munosib ishtirokini samimiy qo‘llab-quvvatlayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Rakhataliyeva

rakhataliyeva@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish