Shveysariyada eksportchilar va investorlar uchun O‘zbekiston iqtisodiyotiga bag‘ishlangan alohida internet-sahifa ochildi
May 14, 2026. 11:25 • 2 daq
• 2
BERN, 14-may. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning eksport va investitsiyalar bo‘yicha rasmiy tashkilot – “Switzerland Global Enterprise” (S-GE) portalida O‘zbekiston iqtisodiyotiga bag‘ishlangan alohida axborot sahifasi ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yangi sahifa tashkilotning eksport bozorlari ruknida joylashtirilgan bo‘lib, mamlakatimiz shveysariyalik va lixtenshteynlik kompaniyalar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida taqdim etilgan. Unda mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi, ishbilarmonlik muhiti, ustuvor tarmoqlari, biznes imkoniyatlari hamda respublikamiz bozoriga chiqish bilan bog‘liq amaliy masalalar bo‘yicha maʼlumotlar tizimli ravishda jamlangan.
Taʼkidlanishicha, axborot bo‘limi qulay tuzilishga ega bo‘lib, tahliliy materiallar, O‘zbekiston iqtisodiyoti va sarmoyaviy salohiyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar, ko‘p beriladigan savollarga javoblar hamda “S-GE”ning Yevropa va MDH mintaqasi bo‘yicha masʼul maslahatchisining aloqa maʼlumotlarini o‘z ichiga oladi.
Sanoat, axborot texnologiyalari, elektromobil ishlab chiqarish, infratuzilma, qayta tiklanuvchi energetika va raqamli transformatsiya kabi istiqbolli yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Manbada O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish surʼatlariga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi ortib borayotgan jadal rivojlanuvchi bozor sifatida qayd etilgan. Xususan, 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,5 foizni, 2025-yil uchun prognoz esa qariyb 6 foizni tashkil etishi taʼkidlangan. Shuningdek, 2024-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 32 foizga oshgani aytilgan.
O‘zbekistonning “S-GE” axborot platformasiga kiritilishi iqtisodiy diplomatiya nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi hamda Shveysariya ishbilarmon doiralarining mamlakatdagi islohotlar va hamkorlik imkoniyatlariga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHdagi yirik xalqaro investitsiya sammiti – “SelectUSA”da qatnashdi



