O‘zbekiston–Pokiston: oftalmologiya va tibbiy turizm sohalarida hamkorlikning yangi davri boshlanmoqda
May 14, 2026. 09:00 • 3 daq
• 12RAVALPINDI, 14-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistondagi “Al Shifa Trust Eye Hospital” shifoxonalar tarmog‘ining Ravalpindi shahrida joylashgan markaziy klinikasiga tashrif buyurdi va muassasa prezidenti Rehmat Xan bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida Pokiston tomoniga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan modernizatsiya qilish, aholining barcha qatlamlarini yuqori malakali tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, tibbiy turizm imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekistonda oftalmologiya sohasini rivojlantirish, zamonaviy diagnostika va mikroxirurgiya texnologiyalarini joriy etish, sohada innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, shuningdek, yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Rehmat Xan o‘z navbatida, “Al Shifa Trust Eye Hospital” tarmog‘ining Pokistonda ko‘z kasalliklarini tashxislash va davolash sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, yuqori texnologiyali oftalmologik operatsiyalar, aholiga ijtimoiy asosda tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, oftalmologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
“Biz O‘zbekistondagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalari bilan oftalmologiya, tibbiy taʼlim va tibbiy turizm yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz. Ayniqsa, mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashish sohalarida katta imkoniyatlar mavjud”, – dedi u.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini imtiyozli va xayriya asosida davolash imkoniyatlari, oftalmologiya sohasida tibbiy turizmni rivojlantirish, O‘zbekistondagi tibbiyot yo‘nalishidagi oliy, kasbiy va texnik taʼlim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, talabalar, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari uchun malaka oshirish hamda amaliy o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, telemeditsina imkoniyatlaridan foydalanish va O‘zbekiston hududlarida profilaktik ko‘riklar tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida “Al Shifa Trust Eye Hospital” delegatsiyasining hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash maqsadida O‘zbekistonga ishchi tashrifini tashkil etish, shuningdek, tegishli vazirlik va tibbiyot muassasalari bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston elchisi klinikada bemorlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, diagnostika va davolash jarayonlari, yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar hamda bemorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









