Singapurda O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi nishonlandi

Oktabr 23, 2026. 20:00 • 2 daq

• 95
Singapurda O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi nishonlandi

SINGAPUR, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Singapur hukumati va parlamenti, siyosiy, ishbilarmon va madaniy doiralar, diplomatik korpus vakillari, mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Uchrashuvda Singapur adliya va transport vaziri Murali Pillay faxriy mehmon sifatida ishtirok etib, o‘z hukumati nomidan O‘zbekiston rahbariyati va xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

U O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti hamda mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdi.

Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajada ekanini ta’kidlab, hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda aloqalarni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar o‘zaro savdo hajmining oshishiga va O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan Singapur sarmoyalarining ko‘payishiga xizmat qildi.

Avgust oyida Singapur katta vaziri Li Syan Lunning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi. Singapur tomonining O‘zbekiston tarixi, madaniyati, turizm salohiyati va iqtisodiy imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishi ortgani alohida qayd etildi.

Tadbirda qatnashgan Singapur parlamenti deputatlari parlamentlararo aloqalarning rivojlanishini ijobiy baholab, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida muntazam muloqotni davom ettirish, hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish