O‘zbekistonda “Odil sudlov – 2030” strategiyasi tasdiqlandi

Avgust 17, 2026. 16:30 • 2 daq

23
O‘zbekistonda “Odil sudlov – 2030” strategiyasi tasdiqlandi

TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasini oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjat bilan Yangi O‘zbekistonda xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgan strategiya tasdiqlandi. Uni amalga oshirish “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro eʼtirof” kabi oltita ustuvor yo‘nalish asosida taʼminlanadi.

Islohotlarning muhim jihatlaridan biri odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yana-da kengaytirish bo‘lib, unda 2027-yil 1-iyuldan ayrim sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi.

Shuningdek, 2027–2030-yillarda aholi soni, sudlar ish yuklamasi va olis hududlarda yashovchi fuqarolar uchun odil sudlovning ochiqligini inobatga olgan holda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha sud nazoratini kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2027-yil 1-iyuldan tergov sudyalariga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, shaxsga nisbatan gumon yoki ayblov qo‘yish uchun asoslar yetarliligini tekshirish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beriladi. Sud amaliyotida bir xil yondashuvni taʼminlash maqsadida Oliy sud Prezidiumining yagona amaliyotni shakllantiruvchi qarorlarini ochiq eʼlon qilish amaliyoti ham joriy etiladi.

Bundan tashqari, sud tizimini raqamlashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilishida qo‘shimcha imkoniyat hamda qulayliklar yaratish maqsadida 2027-yil yakuniga qadar “my.sud.uz” portali takomillashtirilib, uning yangi mobil ilovasi ishga tushiriladi. Protsessual hujjatlarni tayyorlash osonlashtiriladi va sud hujjatlarini izlash imkoniyatlari kengaytiriladi.

2028-yildan boshlab sud maʼmurchiligida “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standartini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish hamda sud ishlarini ko‘rish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish