O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi kuchaytirilmoqda
Aprel 25, 2025. 16:36 • 2 daq
• 7
TOSHKENT, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 21-aprelda davlat organlari va tashkilotlarida ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalarining mustaqilligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hujjatda korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, idoralararo hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralari belgilangan.
Unga ko‘ra, ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalari davlat tashkilotlarida bevosita birinchi rahbarga, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashlariga bo‘ysunadi.
Huquqiy eksperiment doirasida 2027-yil 1-yanvarga qadar ichki korrupsiyaga qarshi nazoratning yangi modeli Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftegaz” va “O‘zsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlarida sinovdan o‘tkaziladi.
Mazkur bo‘linmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari orasidan tayinlanib, bevosita agentlikka bo‘ysunadi. Tajriba yakunlari asosida ushbu tizimni boshqa davlat organlari va tashkilotlarida ham joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi