Toshkentda birinchi Xalqaro migratsiya forumi o‘z ishini boshladi

May 18, 2026. 10:55 • 2 daq

Toshkentda birinchi Xalqaro migratsiya forumi o‘z ishini boshladi
Toshkentda birinchi Xalqaro migratsiya forumi o‘z ishini boshladi

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston poytaxtida “Ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish va mehnat migrantlari hamda ularning oila aʼzolari” mavzusiga bag‘ishlangan birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joydan.

Ushbu forum O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda Markaziy Osiyo, Osiyo, Yevropa va AQSHning 40 dan ortiq mamlakatidan 600 nafadan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida legal migratsiya yo‘llarini kengaytirish, mehnat migrantlarining huquqlari va farovonligini taʼminlash, shuningdek migratsiya sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishining aholi mobilligiga taʼsiri hamda barqaror rivojlanish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xalqaro migratsiya tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoda taxminan 304 million xalqaro migrant mavjud bo‘lib, ulardan 168 millioni mehnat migrantlaridir. Migrantlarning o‘z oilalariga yuboradigan yillik pul o‘tkazmalari hajmi taxminan 905 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Forum yakunlari bo‘yicha xalqaro ish beruvchilar va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘rtasida yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Ushbu kelishuvlar shaffof va o‘zaro manfaatli mehnat migratsiyasi tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Shuningdek, forum doirasida xalqaro til va kasbiy tayyorgarlik markazi “INTIL”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu markaz O‘zbekiston fuqarolarini zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish, ularni keyinchalik xorijda ishga joylashtirishga ixtisoslashgan.

Maʼlum qilinishicha, markaz faoliyati O‘zbekiston fuqarolarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish va xorijda legal hamda xavfsiz ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish