Germaniyadan munosabat: TDT Yevroosiyoda muhim geoiqtisodiy hamkorlik platformasiga aylanmoqda

May 18, 2026. 10:25 • 3 daq

4
Germaniyadan munosabat: TDT Yevroosiyoda muhim geoiqtisodiy hamkorlik platformasiga aylanmoqda

BERLIN, 18-may. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Hessen federal o‘lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– Qozog‘istonning Turkiston shahrida TDT norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgani haqidagi xabarni olgach, ushbu tashkilotning shakllanish tarixi, taraqqiyot bosqichlari va xalqaro maydondagi o‘rni haqida yana bir bor tafakkur yuritishga to‘g‘ri keladi.

Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining uchrashuvlari 1992-yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelingan. Ushbu jarayon izchil rivojlanib, 2009-yilda Naxichevan sammiti doirasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining rasman tashkil etilishi bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2021-yil noyabr oyida esa mazkur tuzilma Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) nomi bilan qayta tashkil etildi.

Bugungi kunda tashkilot faoliyati institutsional tizimni mustahkamlash, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da chuqurlashtirish bilan ajralib turibdi. Tashkilotning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Uning tarkibiga Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston aʼzo hisoblanadi, Turkmaniston hamda Vengriya esa kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi. Bu hudud 170 milliondan ortiq aholini qamrab olib, Yevroosiyo makonida muhim geoiqtisodiy bog‘lovchi makon hisoblanadi.

O‘zbekiston tashkilot doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida faol va tashabbuskor davlat sifatida namoyon bo‘lib kelmoqda. Mamlakat tomonidan ilgari surilgan yuzdan ortiq tashabbusning katta qismi amalga oshirilgani ham buni tasdiqlaydi.

Ayniqsa, 2022-yilda Samarqandda o‘tkazilgan nufuzli sammit alohida ahamiyatga ega. Unda o‘ndan ortiq muhim hujjat imzolanib, asosiy natija sifatida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan. Ushbu hujjat 2022–2026-yillar davridagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berib, tashkilotning 2040-yilgacha mo‘ljallangan strategik qarashlari bilan uyg‘unlashgan.

Turkistonda bo‘lib o‘tgan ushbu sammitning asosiy eʼtibori sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya masalalariga qaratildi. Bu esa iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biri bo‘lgan raqamli transformatsiya TDT kun tartibida markaziy o‘ringa chiqmoqda.

Elektron hukumat, raqamli xizmatlar va IT-startaplar sohasidagi hamkorlik chuqurlashib borayotgani davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

Muxtasar aytganda, Turkiston sammiti TDT rivojida navbatdagi muhim bosqich bo‘lib, global transformatsiya jarayonlari fonida mintaqaviy hamkorlikning yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish