O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi

May 15, 2026. 19:25 • 3 daq

79
O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi
O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi
O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi
O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi

TOSHKENT, 15-may /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda ilk bor O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat parlamentlari vakillari, yosh deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

“Yoshlar – umumiy taraqqiyot va tinchlik sari!” shiori ostida o‘tkazilgan forum ikki qardosh davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash yo‘lidagi muhim muloqot maydoniga aylandi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda 300 mingdan ortiq qirg‘iz millati vakillari, Qirg‘izistonda esa qariyb bir million nafar o‘zbek istiqomat qilmoqda. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qardoshlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol ifodasidir.

Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar kengayib borayotgani, davlat rahbarlarining ochiq muloqoti va qatʼiy siyosiy irodasi tufayli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va strategik sheriklik aloqalari izchil rivojlanayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li, “Qambarota-1” gidroelektr stansiyasi kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar mintaqada o‘zaro ishonch va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralari tutashgan nuqta bo‘yicha shartnomaning ratifikatsiya qilinishi esa Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik muhitini yana-da kuchaytirishga xizmat qilishiga eʼtibor qaratildi.

Forum doirasida yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, yoshlarning qonunchilik jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, innovatsiya, taʼlim, ekologiya va raqamli texnologiyalar sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Anjumanning muhim natijalaridan biri sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi To‘rag‘asi huzuridagi Yoshlar kengashi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Mazkur hujjat yosh parlamentariylar o‘rtasida doimiy muloqot maydonini shakllantirish, qonunchilik tashabbuslari bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Qirg‘izistonlik yosh parlamentariylar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar “IT Park”, “Kreative Park” va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, innovatsion muhit va boy maʼnaviy meros bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi. Navbatdagi forumni Qirg‘izistonning Issiqko‘l hududida o‘tkazish bo‘yicha erishilgan kelishuv mazkur muloqotlarning izchil va tizimli tus olayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish