Toshkentda iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun ilmiy yechimlar muhokama qilindi

Avgust 17, 2026. 15:30 • 5 daq

29
Toshkentda iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun ilmiy yechimlar muhokama qilindi
Toshkentda iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun ilmiy yechimlar muhokama qilindi
Toshkentda iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun ilmiy yechimlar muhokama qilindi

TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. ”Green University”da “Iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun fan, innovatsiyalar va hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, ochilish marosimining asosiy voqealaridan biri Niderlandiyadagi Vageningen universiteti va tadqiqot markazi professori, Nobel mukofoti laureati Rik Leemanning “Iqlim ssenariylarining o‘tmishi va zamonaviy rivojlanishi hamda ularning qo‘llanilishi” mavzusidagi maʼruzasi bo‘ldi.

Tadbir Samarqand iqlim forumining davomi doirasida tashkil etilib, ilmiy hamkorlik, iqlimga moslashuvchanlik, innovatsiyalar va mintaqaviy hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi.

Muloqotning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen hamda Turkiya O‘rmon va suv xo‘jaligi vazirligining Cho‘llanish va eroziyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi bosh inspektori Ismoil Belen ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun eng jiddiy tahdidlardan biriga aylanib borayotganini, uning suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, energetika, ekotizimlar va aholi farovonligiga taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidladi. Shuningdek, mintaqa iqlim muammolarini ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, texnologik innovatsiyalarni joriy etish, suv xavfsizligini mustahkamlash va yashil iqtisodiyotni shakllantirish imkoniyatiga aylantirishi zarurligi qayd etildi. O‘zbekistonda bu borada aniq choralar ko‘rilmoqda: “Yashil makon” tashabbusi doirasida mamlakat bo‘ylab qariyb 1 milliard daraxt va buta ekildi, suv tejovchi texnologiyalar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining qariyb yarmida joriy etildi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi esa qariyb 30 foizga yetdi.

Nutqda alohida tashabbuslardan mintaqaviy ilmiy dasturlarga o‘tish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Markaziy Osiyoning turli tabiiy-iqlim zonalarida iqlimga moslashuv bo‘yicha tajriba laboratoriyalari tarmog‘ini yaratish, “Markaziy Osiyo uchun 100 ta iqlimga bardoshli yechim” dasturini amalga oshirish, iqlim tadqiqotlari bo‘yicha stipendiya dasturini yo‘lga qo‘yish, aylanma iqtisodiyot, “Zero Waste” va metan chiqindilarini qisqartirish sohasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo iqlim maʼlumotlari xabini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, “Green University” huzurida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan Markaziy Osiyo iqlim yetakchiligi dasturini yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Maʼruzada iqlim ssenariylari noaniqlik sharoitida kelajak rivojlanishining turli variantlarini o‘rganish va ehtimoliy qarorlar oqibatlarini baholash imkonini berishi qayd etildi. Xususan, sifat va miqdoriy ssenariylar, tadqiqot va normativ yondashuvlar, shuningdek, IPCCning dastlabki emissiya ssenariylaridan boshlab, konsentratsiya traektoriyalari (RCP) va umumiy ijtimoiy-iqtisodiy traektoriyalar (SSP) asosidagi zamonaviy yondashuvlargacha bo‘lgan rivojlanish bosqichlari ko‘rib chiqildi. Tizimlarning zaifligini baholash va iqlim choralarini ishlab chiqishda sifatli ssenariylarni miqdoriy modellar bilan uyg‘unlashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, maʼruzada ssenariylar turli siyosiy qarorlarning ehtimoliy oqibatlarini baholashga qanday yordam berishi haqida ham so‘z yuritildi. Taʼkidlanganidek, ssenariylarni o‘rganish murakkab tizimlarning xatti-harakatlarini va muayyan choralarni qabul qilish yoki qabul qilmaslik oqibatlarini chuqurroq tushunishga imkon beradi. Zamonaviy iqlim fanida ijtimoiy-iqtisodiy ssenariylar, emissiya ssenariylari, iqlim modellashtirish va iqlim maʼlumotlarini birlashtiruvchi o‘zaro bog‘liq yondashuvlar keng qo‘llanilmoqda.

Ochilish marosimidan so‘ng “Green University”ning Iqlim rezidentligi dasturi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Dastur olimlar, davlat organlari vakillari, xalqaro ekspertlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlik maydonini yaratish, tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan.

“Ilm-fan va siyosat o‘rtasidagi bog‘liqlik: iqlim maʼlumotlaridan siyosat va mintaqaviy hamkorlikka” mavzusidagi birinchi sessiyada ishtirokchilar iqlim siyosatini shakllantirishda ilmiy maʼlumotlardan foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Ilmiy tadqiqotlar, davlat qarorlari va amaliy choralar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik zarurligi alohida qayd etildi.

Maxsus sessiya memorandumlar imzolash va yoshlarning iqlim tashabbuslariga bag‘ishlandi. Xususan, Markaziy Osiyo iqlim yetakchiligi dasturi doirasida FAO bilan hamkorlik memorandumi imzolandi, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurash sohasidagi kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, yosh mutaxassislarning salohiyatini rivojlantirish va ularni mintaqaning iqlim kun tartibiga jalb etishga qaratilgan Markaziy Osiyo iqlim yetakchiligi dasturi ishga tushirilgani eʼlon qilindi.

Ikkinchi sessiyada Orolbo‘yi suv-botqoq hududlari va Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar suv resurslarini boshqarish, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va suv xavfsizligi sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Uchinchi sessiya iqlim o‘zgarishi, suv, qishloq xo‘jaligi va energetika o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka bag‘ishlandi. Muhokamalar davomida tabiiy va iqlim tizimlarining ishlashiga oid texnik hamda ilmiy jihatlar, suv resurslarini boshqarish, iqlim xavflari va turli tarmoqlarning o‘zgarayotgan sharoitlarga moslashuvi masalalari ko‘rib chiqildi.

Yakuniy tematik sessiya innovatsiyalar, aylanma iqtisodiyot va iqlimga bardoshlilik manfaatlari yo‘lida mintaqaviy hamkorlikka bag‘ishlandi. Ishtirokchilar innovatsion yechimlarni joriy etish, yashil va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish hamda iqlim tahdidlariga qarshi kurashishda mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muloqoti ilmiy hamjamiyat, davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va yosh mutaxassislarni umumiy iqlim muammolari atrofida birlashtirgan muhim maydonga aylandi. Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyoning iqlimga bardoshliligini oshirish bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish