10–15-avgust kunlari Qashqadaryo “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari!” nomli V Xalqaro ekologik qurultoyiga mezbonlik qiladi
Avgust 07, 2026. 09:30 • 2 daq
• 157
TOSHKENT, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. 10–15-avgust kunlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Yoshlar–kelajak bunyodkorlari!” nomli V Xalqaro ekologik qurultoy bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro qurultoyda Belarus, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Rossiya va O‘zbekistondan yosh vakillari ishtirok etadi.
Tadbir doirasida turli tanlov, musobaqa, taqdimot, ko‘rgazma, uchrashuv va ekologik aksiyalar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, turli loyiha va tashabbuslar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, qurultoy dasturidan “Eng yaxshi ekologik loyiha”, “Yosh ekologlar” harakati eng yaxshi kengashi” tanlovlari, “Eko-zakovat” va “Quvnoqlar va zukkolar” xalqaro o‘yinlari hamda qator boshqa musobaqalar o‘rin olgan.
Xalqaro qurultoyni o‘tkazishdan maqsad yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi faolligini oshirish, yoshlarni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb etish, istiqbolli ekologik g‘oya va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda amalga oshirish, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi