O‘zbekiston Prezidenti sut mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Avgust 17, 2026. 14:38 • 2 daq
• 32
TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Urganch tumanidagi “Tillo domor” korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatida qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan.
Xorazm viloyati sut yetishtirish salohiyati yuqori hududlardan biri. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, chorvachilikni ixtisoslashtirish va sutni sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Tillo domor” korxonasining umumiy qiymati 11 million dollar bo‘lib, yiliga qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan xarid qilinadi. Bu, o‘z navbatida, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi uchun barqaror sotuv bozorini yaratishga xizmat qilmoqda.
Korxonada 120 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etish, mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda 1 ming 200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga bu boradagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi