Toshkentda O‘zbekiston xalqaro tog‘-kon va metallurgiya ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Oktabr 27, 2026. 18:00 • 2 daq
• 13TOSHKЕNT, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” MKMda VIII O‘zbekiston xalqaro tog‘-kon va metallurgiya ko‘rgazmasi – UIMF 2026 o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
27–29-oktabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan ushbu sanoat mahsulotlari va texnologiyalari namoyishi O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Metallurgiya uyushmasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Bu galgi canoat yarmarkasida Avstraliya, AQSh, BAA, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Niderlandiya, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 500 nafardan ortiq delegat hamda 40 nafar spiker va moderator ishtirok etmoqda.
Uchrashuvlarda geologiya-qidiruv ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, kritik minerallar salohiyatidan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va tarmoqqa investitsiyalar jalb etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinmoqda.
Ikki kunlik tadbir davomida tog‘-kon va metallurgiya loyihalarini moliyalashtirishning yangi modellari, geologiya-qidiruv ishlarida sun’iy intellektdan foydalanish va sanoatda energiya samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ishtirokchilar resurs bazasini kengaytirish, xomashyoni qayta ishlashning ilg‘or usullarini joriy etish hamda xalqaro sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalar almashdi.
“Biz elektr taqsimlash qurilmalari ishlab chiqarish, obyektlarda kabel yotqizish hamda dasturiy ta’minot bilan shug‘ullanamiz. “UIMF 2026” ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etayapmiz. Tog‘-kon sanoatida, xususan, oltin qazib olish yo‘nalishida ham tajribaga egamiz. Dunyo bo‘ylab 25 dan ortiq zavod qurilishida qatnashganmiz. O‘zbekistonda ham loyihalarimiz mavjud, jumladan, “Aurum” kompaniyasi bilan bog‘liq obyektlarda ishlaganmiz”, – dedi Turkiyaning “Pacpro Otomasyon” kompaniyasi vakili Naim Esen.
Germaniyaning “SIEMAG TECBERG GmbH” kompaniyasi direktori Dennis Xayzinger ta’kidlashicha, mazkur ekspozitsiya nemis ishbilarmonlarida ham katta qiziqish uyg‘otgan.
“O‘tgan yil oktabr oyida ham ushbu ko‘rgazmada ishtirok etgandik. Bu yilgi ishtirokimiz ikkinchisi. O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari, jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. O‘zbekiston kompaniyalari bilan sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida bu gal ham “UIMF 2026”da qatnashayapmiz”, – deydi Dennis Xayzinger.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








